Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanidagi poliklinikada ishlovchi shifokorda koronavirus aniqlanishi ortidan, u bilan ishlovchi 200 nafarga yaqin hamkasbi karantinga olingan. Bu haqida Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Habibulla Oqilov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda maʼlum qilindi.

“Haqiqatan, 22-aprel kuni Yangiyoʻl tuman koʻp tarmoqli poliklinikasidagi oʻrta tibbiy xodimda koronavirusga test tekshiruvida musbat natija tasdiqlangan” deydi Oqilov.

Qoʻshimcha qilinishicha, poliklinikaning 198 nafar xodimi va ular bilan aloqada boʻlganlar Oʻrta Chirchiqdagi karantin shaharchasiga nazorat uchun joylashtirilgan. Ularning ahvoli muntazam kuzatib boriladi.

Habibulla Oqilov bu borada tarqalgan xabarlarga oydinlik kiritish uchun soʻralgan savolga javob berib, bu holat haqida maʼlum qilib, virus aniqlangani tufayli Yangiyoʻl shahri markazining yopilgani, poliklinika shifokor va bemorlari bilan birga yopilgani haqida aholi orasida tarqalgan xabarlarni rad etgan.

Facebook Comments