Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Uning aytishicha, Toshkentda roʻyxatga olingan bemorlarning 10 nafarida ahvol ogʻir, yana 1 nafarining ahvoli oʻta ogʻir.

“Ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan 1887 bemor roʻyxatga olingan. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan maʼlumotga koʻra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 117 bemorning 32 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 2 nafarining ahvoli ogʻir, 1 nafarining ahvoli oʻta ogʻir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 69 bemordan 2 nafarining ahvoli ogʻir. Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻp tarmoqli klinikasida davolanayotgan 144 bemordan 45 nafarida pnevmoniya klinik belgilari bor, 5 nafarining ahvoli ogʻir, 1 nafarining ahvoli oʻta ogʻir, deb baholanyapti”, degan Otabekov.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda 15-martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning sakkiz nafari vafot etdi, 707 nafari esa sogʻayib, reabilitatsiyaga olingan. Xorijda 73 oʻzbekistonlikda koronavirus aniqlangan (eng koʻpi — 42 nafari — Rossiyada), ularning besh nafari vafot etgan. Ayni paytda Respublika boʻylab koronavirus infeksiyasidan butkul sogʻayganlar 789 nafarga yetdi.

Facebook Comments