Toshkent shahrida yana 12 nafar bemor tuzalib, jami sogʻayganlar 892 nafarga yetdi, deb xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Aytilishicha, Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan 12 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor toʻliq sogʻaygan. Ular Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatilgan.

Sogʻaygan bemorlarning 7 nafari Toshkent shahridan. 1 nafari Buxoro viloyatidan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridan 2 nafardan. Ularning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda boʻlib, infeksiya yuqtirib olishgan.Ular orasida eng yoshi kattasi 65 yoshda boʻlsa, eng yoshi kichigi 9 yoshda. Samarali davolash muolajalaridan keyin, soʻnggi tekshiruvlar ularda infeksiya yoʻqligini koʻrsatgan. Ushbu klinikada ayni paytga qadar 110 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 122 nafarga yetdi.

Maʼlumot uchun bugun, 27-aprel kuni ayni paytga qadar 103 nafar bemor tuzaldi. Oʻzbekistonda 15-martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning sakkiz nafari vafot etdi, 892 nafari esa sogʻayib, reabilitatsiyaga olingan. Infeksiya yuqtirib olganlar soni 1887 nafarni tashkil etmoqda.

Xorijda 73 oʻzbekistonlikda koronavirus aniqlangan (eng koʻpi — 42 nafari — Rossiyada), ularning besh nafari vafot etgan.

Facebook Comments