Soʻnggi kunlarda jamoatchilik eʼtibor markazida boʻlib kelayotgan namanganlik deputat voqeasiga oid yana muhim maʼlumotlar taqdim etildi.

Yaʼni, Namangan viloyatida IIB xodimlari bilan mojaro koʻtargan deputat Tolib Muhammadaliyevni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berilgan. Bu haqda Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi boshligʻi Hayot Shamsutdinov EFFECT.UZ axborot agentligiga maʼlum qildi.

Maʼlum boʻlishicha, Namangan viloyati prokurori tomonidan 21-aprel kuni viloyat Kengashiga shahar kengashi chiqargan qarorlarni bekor qilish haqida taqdimnoma kiritilgan. Mazkur taqdimnoma 25-aprel kuni viloyat kengashida koʻrib chiqilib, Namangan shahar kengashining 16-aprel kundagi 21/06-sonli qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.

Shunday ketishda, Namangan shahar kengashining 19-aprel kundagi 26/04-06 sonli qarori bekor qilinib, deputatni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berilgan. Ehtiyot chorasi sifatida esa qamoqqa olish rad etilgan.

Eslatib oʻtamiz, bundan bir necha kun oldin Xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati T.M. profilaktika inspektorining telefonini sindirib, boshqa xodimning pogoni va xizmat koʻkrak nishonini yulib olganiga oid holat boʻyicha prokuratura Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatgan.

Ammo shahar prokurorining taqdimnomasi (deputatni jinoiy ishga jalb qilish va unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasini qoʻllash haqida) mahalliy kengash qarorlari bilan avval qisman qanoatlantirib, keyin batamom rad etilishi ortidan jinoyat ishi boʻyicha tergov harakatlari olib borish soʻroq ostida qolayotgandi.

Ammo kecha boʻlib oʻtgan oʻtgan xalq deputatlari viloyat kengashi majlisida Namangan viloyati prokurorining taqdimnomasi muhokama qilinib, deputat T.M.ning jinoyat ishiga jalb etilishiga rozilik bildirilgan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq ushbu deputat sodir boʻlgan voqea uchun Xalqdan uzr soʻrab chiqqandi, ammo uning uzri eshitilmadi yoki yetib bormadi. Xullas, uning kechirim soʻrashi faqat oʻzi uchun va vijdoni uchun “kechirim” sifatida yozib qoʻyildi.

Facebook Comments