Namanganlik deputat T.Muhamadiyevga bogʻliq voqea boʻyicha Bosh prokuratura bayonot berdi. Bayonotda aytilishicha, 2020-yil 15-aprel kuni Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati T.Muhamadiyev oʻziga tegishli avtomashinasida Namangan shahar, Yangiqoʻrgʻon koʻchasida tashkil etilgan blok postiga yetib kelib,shu yerda xizmat olib borayotgan IIB xodimlarining qonuniy talablariga boʻysunmasdan, ularga qarshilik koʻrsatgan.

Ayni holatda JKning 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish)da koʻrsatilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli, Namangan shahar prokuraturasi 16.04.2020-yilda T.Muhamadiyevni jinoiy javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga rozilik berish haqida Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashiga taqdimnoma kiritgan.

Shu kunning oʻzida mazkur taqdimnomani koʻrib chiqqan Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi21-06-sonli qaror bilan T.Muhamadiyevni jinoiy javobgarlikka tortishga ruxsat berilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish rad etilgan. Mazkur holat yuzasidan Kengashning roziligi asosida shahar prokuraturasi tomonidan JKning 219-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Biroq, oradan uch kun oʻtib, 19.04.2020-yilda Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashining navbatdan tashqari oʻtkazilgan sessiyasida, amaldagi qonunchilikka zid ravishda Kengashning yuqorida qayd etilgan 21-06-sonli qarori bekor qilinib, T.Muhamadiyevni jinoiy javobgarlikka tortish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish rad etilgan.

Mazkur holatni bartaraf etish maqsadida Namangan viloyati prokurori tomonidan 21.04.2020-yilda Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashiga shahar Kengashi chiqargan qarorlarni bekor qilish haqida taqdimnoma kiritilgan.

Ushbu taqdimnoma 25.04.2020-yilda viloyat Kengashida koʻrib chiqilib, shahar Kengashining 16.04.2020-yildagi 21-06-sonli qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan (T.Muhamadiyevni jinoiy javobgarlikka tortishga ruxsat berilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish rad etildi) hamda 19.04.2020-yildagi qarori bekor qilindi. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

Facebook Comments