“Yuventus” ushbu yozda aslida “Real”ga tegishli boʻlgan “Borussiya D” himoyachisi Ashraf Xakimi bilan shartnoma imzolamoqchi. Bu haqida Calciomercato nashri xabar bermoqda.

Manba maʼlumotiga koʻra, Italiyaliklar 2017 yilda klubni tark etgan va hanuzgacha oʻrni sezilayotgan Dani Alveshga munosib nomzod sifatida qarashmoqda.

Mattia De Shilio, Danilo va Kansello oʻng qanotni eplay olmayotganligi sabab Turinliklar qanot himoyasida Xuan Kuadradoni oʻynatishga majbur boʻlishmoqda. Shu sababli Turinliklar bosh murabbiyi Mauritsio Sarri Xakimi variantini ilgari surmoqda.

Ushbu mavsumda marokashlik futbolchi “Dortmundliklar” safida barcha musobaqalarda 7 ta gol va 10 ta golli oʻzatmani amalga oshirib, eng yaxshi mavsumini oʻtkazmoqda.

Oʻz navbatida “Blankoslar” ham 21 yoshli himoyachi bilan tez orada yangi shartnoma imzolashmoqchi. Uning Madrid klubi bilan amaldagi shartnomasi 2022 yilning iyungacha moʻljallangan, biroq Zidan uni kamida 2025 yilgacha jamoada saqlab qolmoqchi.

Facebook Comments