Joriy yilning 26 fevral kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida yashirin faoliyat olib borgan xalqaro terroristik tashkilot va ekstremistik oqim yollovchilarining gʻoyaviy taʼsiriga tushgan bir guruh shaxslarning noqonuniy faoliyatiga chek qoʻyildi. Bu haqida IIBB matbuot xizmati maʼlum qildi.

Mavjud maʼlumotlarga koʻra, mazkur shaxslar Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida noqonuniy diniy yigʻilishlar oʻtkazib, unda Suriyadagi xalqaro terroristik tashkilotlar gʻoyalarini targʻib qilib, ularni faoliyatini qoʻllab-quvvatlab, ushbu tashkilotlar safiga borib qoʻshilishni rejalashtirib kelganlar.

Ushbu holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2442-moddasi 1-qismi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida poytaxt va viloyat hududidagi 24 ta manzillarda tintuv tadbirlari oʻtkazilib, 21 nafar shaxslar ichki ishlar idoralariga keltirildi.

Ushbu shaxslarning yashash manzillaridan jinoyatga aloqador boʻlgan ashyoviy dalillar topilib, qonuniy tartibda rasmiylashtirilib olindi va tergov-surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

“Oʻz navbatida, fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, buzgʻunchi gʻoyalar taʼsiriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi daʼvatlarga aldanib qolmaslik hamda jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmaslik, saqlamaslik va tarqatmasliklarini soʻraymiz” deyilgan xabarda.

Facebook Comments