Bugun, 26-aprel kuni koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni samarali davolashda fidoyilik bilan mehnat qilgan Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasining 108 nafar, Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻp tarmoqlik klinikasining 44 nafar, jami 152 nafar tibbiyot xodimlari Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov tomonidan chuqur minnatdorlik izhor etilib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Endilikda ular oʻrnida navbatdagi fidoyi tibbiyot xodimlari faoliyat boshlashadi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Ayni paytda yurtimizda yuz mingdan ziyod tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga chalingan yuzlab bemorlarni davolashmoqda, karantinda boʻlgan minglab fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olishgan. Shifokorlarimizning mana shunday matonatli mehnatlarini har qancha eʼtirof etsak arziydi.

Quvonarli jihati, shifokorlarimiz mahorati va fidoyiligi bilan koronavirus infeksiyasini samarali davolash mumkinligini isbotlashmoqda. Jumladan, shu kungacha shifokorlar saʼy-harakatlari bilan Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasidan 110 nafar, Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻp tarmoqlik klinikasidan esa 48 nafar, jami 158 nafar bemor butkul sogʻayib chiqqanini alohida taʼkidlash lozim.

Eng muhimi, oilasi, yaqinlari, xalqimiz uchun ishda qolib, koronavirus infeksiyasiga bemorlarni shifo ulashishga intilayotgan tibbiyot xodimlari har qancha eʼtirofga loyiq. Davlatimiz rahbari koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan qator videoselektor yigʻilishlarida xalqimizga yoʻllagan murojaatlarida ham shifokorlarimiz mehnatiga alohida eʼtibor qaratdilar. Jumladan, ushbu kurashning oldingi saflarida chinakam jasorat va matonat koʻrsatayotgan jonkuyar va olijanob shifokorlar faoliyatini eʼtirof etdi”, deyiladi SSV xabarida.

Bundan tashqari, xalqimiz ham tibbiyot xodimlari va koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda faol mehnat qilayotgan insonlarga dalda boʻlishmoqda, imkon qadar qoʻllab-quvvatlashmoqda.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *