Bugun, 27-fevral kuni Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida talaba-yoshlar bilan uchrashdi. Tadbirda Madaniyat vazirligi tizimidagi oliy taʼlim muassasalari, Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasi va Oʻzbekiston davlat konservatoriya talabalari ishtirok etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi

Madaniyat vaziri kino sohasidagi kamchiliklar haqida talabalar bilan ochiq muloqot qildi. Talabalardan biri Yigitali Jovliyev bugungi kunda kino sohasida yoshlar oʻz iqtidorini namoyon qilish uchun imkoniyatlar yetarli emasligi, ular faqatgina nazariya bilan chegaralanib qolayotgani, kino sohasida oʻtkaziladigan kastinglarda esa faqatgina sinov uchun suratlar tushishdan nariga oʻtilmayotgani, filmlarda suratga tushish tanish bilishchilik asosiga qurilganligini taʼkidladi.

“Kinoindustriyani ildizidan boshlab isloh qilish zarur. Agar kamera bilan ish hal boʻlganda edi, allaqachon oʻzbek kino sanoati rivojlangan boʻlardi. Kinoga ajratilayotgan resurslar talab darajasidan 10 yoki 100 barobar oz. Biroq rivojlangan davlatlarning kino sifati talab qilinyapti. Mablagʻ va texnikasiz kinoni kino qilib boʻlmaydi. Yigitali kabi yoshlarning shashtini qaytarmoqchi emasman. Katta serial ustida ish olib boryapman. Ammo oʻzimdan oʻtganini oʻzim bilaman. Davlatdan pul soʻraganim yoʻq, hamma xarajatlarni kerak boʻlsa eshikma-eshik yurib, mablagʻ topib mutaxassislarni, chet ellik hamkorliklarni jalb qilib, jarayonlarni boshladik. Mana shu seriallarga siz va siz kabi yoshlarni taklif qilamiz.” dedi Ozodbek Nazarbekov.

Facebook Comments