AQSHning Chikago shahrida oʻzbekistonlik fuqaro koronavirusdan vafot etdi. Bu haqda “Amerika Ovozi” muxbiri Navbahor Imomova maʼlum qildi.

“Bugun eshitdik, Chikagoda yana bir vatandosh vafot etgan. Tibbiy ekspertiza uning oʻlimi aynan koronavirusdan ekanligini hali tasdiqlamadi. Lekin doʻstlari, yaqinlari shunday taxmin qilmoqda. Marhum yosh erkak boʻlib, u tadbirkor boʻlgan. Ism-shariflarini ayta olmayman, ammo koʻpchilik Vatandoshlar bu shaxsni taniydi. Albatta, bu hamma uchun qaygʻuli xabar”, deydi Navbahor Imomova.

Maʼlumot uchun, bungacha AQSHda oʻzbekistonlik 3 fuqaro vafot etgandi. Ularning biri 51 yoshli shashmaqom ijrochisi Rustam Samarqandiy edi. AQSHda vafot etgan oʻzbekistonliklar soni 4 nafarga yetdi.

Oʻzbekistonda ham virus qurbonlari 11-aprel holatiga koʻra, 4 nafarni tashkil qilmoqda. Xususan, namanganlik 72 yoshli onaxon, toshkentlik 39 yoshli shifokor, 40 yoshli chirchiqlik fuqaro va soʻnggi marhum fargʻonalik 59 yoshli Umraga borib qaytgan ayol kishi hisoblanadi. Koronavirus bilan kasallangan bemorlar soni 767 nafarni tashkil qilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Amerika Qoʻshma Shtatlari koronavirus qurbonlari soni boʻyicha birinchi oʻringa chiqib oldi. AQSHda infeksiya ortidan vafot etganlar 20,071 kishi yetgan.

Bungacha, muassasaning hisob-kitoblariga koʻra, oʻlim holati eng koʻp Italiyada uchrayotgandi – hozir Italiyada COVID-19 tufayli 19,468 oʻlim qayd etilgan.

Bundan tashqari, AQSHda ushbu kasallikka chalinganlarning umumiy soni yarim milliondan oshgan, Italiyada — 152 mingga yaqin. AQSHdagi eng ogʻir holat Nyu-Yorkda. Jons Xopkins universiteti maʼlumotlariga koʻra, dunyoda bu kasallikka chalinganlarning umumiy soni 1,76 milliondan oshgan, qurbonlar soni deyarli 108 mingga yetgan. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, oʻz navbatida, 1,62 million odamni kasallikni yuqtirgan va 100 mingga yaqin odam oʻlganini xabar qilmoqda.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *