Xitoyning Xubey provinsiyasi Uxan shahrida koronavirusni yuqtirgan goʻdak 17 kunda dorisiz sogʻayib ketdi. Bu haqda “The Mirror” nashri xabar berdi.

Syao Syao ismli qizaloq Uxan bolalar shifoxonasida dunyoga kelgan. Ota-onasidan biri xavfli COVID-19 koronavirusini yuqtirgandi.

Goʻdak tugʻilgan zahoti respiratorli infeksiyalar va yurakdagi arzimas asoratlarga qarshi kurasha boshladi. Alomatlari jiddiy boʻlmagani bois shifokorlar unga dori bermaslikka qaror qilishdi.

“Qizcha nafas olishga qiynalmadi, yoʻtalmadi, isitmasi ham chiqmadi. Biz undagi miokardial holatni davoladik xolos”, — deydi shifokor Szen Linkun.

Chaqaloq 17 kunlik boʻlganda Syao Syaoning koronavirusga tahlillari manfiy chiqdi. Qizaloq mustaqil sogʻayib ketdi.

Umuman olganda, dunyo boʻyicha 80,3 mingdan ziyod kishi koronavirusni yuqtirdi. Ulardan qariyb 2,7 mingtasi vafot etdi, 27,8 mingdan ziyod bemor tuzaldi. Virus birinchi boʻlib aniqlangan Xitoydan tashqari COVID-19 kasalligi dunyoning 30 dan ortiq mamlakatida qayd etildi.

Facebook Comments