Misrning sobiq prezidenti Husni Muborak Qohirada 91 yoshida vafot etdi. U 1981 yildan 2011 yilgacha Misrni boshqargan, keyin “arab bahori” voqealari sifatida tarixga kirgan namoyishlar natijasida isteʼfoga chiqishga majbur boʻlgandi.

“Al-Arabiya” telekanali yozishicha, u Qohiradagi harbiy gospitalda jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgach bir necha hafta oʻtib hayotdan koʻz yumgan.

Husni Muborak 1928 yilning 4 may kuni tugʻilgan. U sovet ittifoqida harbiy samolyotlarni boshqarishni oʻrgangan, Misrda Jamol Abdul Nosir prezidentligi davrida turli harbiy lavozimlarda ishlagan va Misr Harbiy havo kuchlari shtab boshligʻi lavozimigacha koʻtarilgan.

Prezident Anvar Saodat davrida Husni Muborak mamlakat vitse-prezidenti etib tayinlangan, unga uyushtirilgan suiqasddan soʻng (1981 yil – tah.) esa prezidentlik lavozimini egallagan.

Muborak 2011 yil bahorida butun Misrni qamrab olgan namoyishlardan keyin isteʼfo bergandi. Koʻp oʻtmay u hibsga olinadi.

2012 yilda sobiq prezident namoyishlar vaqtida tinch aholi oʻqqa tutilishiga aloqador sifatida ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm etiladi. Ammo 2013 yilda harbiylar davlat toʻntarishi amalga oshirishgach, sobiq prezident sud instansiyasi tomonidan oqlanadi.

2017 yilda u ozodlikka chiqadi. Qamoqxonadaligida Misrning sobiq rahbari infarktni boshdan kechiradi.

Muborakning isteʼfosidan keyin hokimiyatga muvaqqat hukumat kelgandi. 2012 yilda Misr tarixidagi ilk demokratik saylovlarda “Birodar musulmonlar” partiyasidan nomzod boʻlgan Muhammad Mursiy gʻalaba qozonadi.

Muxolifat Mursiyni va uning partiyasini hokimiyatni monopollashtirishda va iqtisodiy inqirozni keltirib chiqarishda ayblaydi. Natijada bir yil oʻtib mamlakatda yangi namoyishlar boshlanib ketadi.

2013 yil iyulida Mursiy harbiy davlat toʻntarishi oqibatida hokimiyatdan chetlatiladi. Davlatni 2014 yildan general Abdul-Fattoy as-Sisiy boshqara boshlaydi (ayni vaqtga kelib uning maqomi feldmarshal darajasiga koʻtarilgan.

Facebook Comments