Buxoro viloyatidan bir yoʻla 50 nafar bemor sogʻaydi, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Taʼkidlanishicha, bugun, 26-aprel kuni Buxoro viloyatidan bir yoʻla 50 nafar bemor toʻliq sogʻaydi. Bemorlarning 23 nafari viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan, 27 nafari esa viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazidan chiqqan. Ular viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi masʼullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatilgan.

Shifo topganlarning 44 nafari Rossiyadan, 6 nafari esa Turkiyadan charter reyslar orqali Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, ixtisoslashgan shifoxonaga joylashtirilgan.

Ulardan 43 nafari erkak, 7 nafari ayol. Bemorlarning 9 nafari Samarqand viloyatidan, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridan 8 nafardan, 5 nafari Andijon viloyatidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Namangan viloyatidan 4 nafardan, 3 nafar Toshkent shahridan boʻlsa, Xorazm, Fargʻona va Sirdaryo viloyatlaridan 2 nafardan, Jizzax, Toshkent va Surxondaryo viloyatlaridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 59 yoshda boʻlsa, eng yoshi kichigi 5 yoshli qizaloq.

Buxoro viloyati boʻyicha shu paytga qadar 210 nafar bemor sogʻaygan boʻlsa, endilikda ular 260 nafarga yetdi. Oʻzbekistonda bemorlarning sogʻayib chiqishi boʻyicha Toshkent shahridan keyin eng yuqori koʻrsatkich Buxoro viloyatidan qayd etilmoqda.

Hozirda Respublika boʻylab koronavirus infeksiyasidan sogʻaygan bemorlar 757 nafarni tashkil etmoqda.

Facebook Comments