Bugun, 29 fevral kuni Qatar poytaxti Doxada AQSh va Tolibon o’rtasida 19 yillik urushni tugatish bo’yicha tarixiy tinchlik bitimi imzolandi. Marosimda AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo ishtirok etdi. Shuningdek, Rossiya va O’zbekiston tashqi ishlar vazirlari ham shu erda hozir bo’lishdi.

Kelishuv bo’yicha, AQSh Afg’onistondan askarlarini bosqichma-bosqich olib chiqib ketadi. Tolibon esa mamlakat hududida AQSh va uning ittifoqchilariga qarshi terror xurujlari amalga oshirilmasligini kafolatlaydi. Shuningdek, Afg’oniston hukumati qamoqxonalardan 5000 tolibonni ozod qiladi.

Endi 10 kun ichida Kobul va Tolibon o’rtasida to’g’ridan to’g’ri muloqot boshlanishi kutilyapti. Unda mavjud ixtiloflarga siyosiy va tinch yo’l bilan yechim topish masalalari muhokama qilinadi.

Ma’lumot uchun, Afg’onistondagi 19 yillik urush AQShga bir trillion dollarga tushgan. 2001-yil 11-sentabr xurujlari ortidan AQSh o’sha paytda Kobulda hokimiyat tepasida bo’lgan Tolibonga qarshi urush e’lon qilib, Afg’onistonga bostirib kirgan edi. AQShga ko’ra, 11-sentabr xuruji ortida turgan “Al-Qoida” guruhi Tolibon himoyasida bo’lgan.

Facebook Comments