Bugun, 24-aprel kuni koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor oʻtkir nafas, oʻpka va yurak yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Taʼkidlanishicha, shu yilning 19-aprel kuni Toshkent viloyati, Angren shahrida yashovchi F. (ayol) viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga oʻta ogʻir ahvolda yotqizilgan va sunʼiy nafas olish apparatiga ham olingan. Tezkor diagnostik tahlillardan soʻng bemorda COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

Shundan soʻng unga ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasining koʻp tarmoqli tibbiyot klinikasiga oʻtkazilgan. Bemorda oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalligi, ikki tomonlama bronxopnevmoniya, oʻtkir respirator distress sindrom, gipertoniya kasalligi ikkinchi bosqich, xavf 4, semizlikning 3 darajasi boʻlganligi sababli kasallik ogʻir kechib, davolanish davomida hamisha sunʼiy nafas olish apparatida boʻlgan.

Bemorning shu kungacha kunlik ahvoli Oʻzbekistondagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassislari nazoratida boʻlgan. Ular tomonidan muntazam konsiliumlar oʻtkazib kelingan.

Biroq mutaxassislarning belgilangan standartlar asosida oʻtkazgan reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor oʻtkir respirator distress sindromi, oʻtkir nafas, oʻpka-yurak va poliorgan yetishmovchiligidan vafot etgan.

Maʼlumot uchun, 15-martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning 8 nafari vafot etdi. Xorijda 73 oʻzbekistonlikda koronavirus aniqlangan (eng koʻpi — 42 nafari — Rossiyada), ularning 6 nafari vafot etgan. Xususan, 4 nafari AQSHda 1 nafari Rossiyaning Voronej shahrida.

Oʻzbekiston boʻylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sogʻayganlar soni 621 nafarni tashkil etmoqda, kasallanganlar 1804 nafarni tashkil etyapti.

Facebook Comments