Xitoyda tarqala boshlagan koronavirusning yangi COVID-19 turi ayni kunlarda butun dunyo boʻylab katta xavfni keltirib chiqarmoqda. Buning ortidan bir qancha xalqaro musobaqalarning oʻtkazilishi ortga surilmoqda. Ayrimlari esa butunlay bekor qilindi.

Bu holat har toʻrt yilda bir marta oʻtkaziladigan eng nufuzli musobaqa Olimpiya oʻyinlarining oʻtkazilishini ham soʻroq ostida qoldirmoqda edi. Ammo, Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi kecha rasmiy bayonot bilan chiqib, Yaponiya poytaxti Tokio shahri mezbonlik qiladigan XXXII yozgi Olimpiya hamda XVI Paralimpiya oʻyinlari oʻz belgilangan sanasida boʻlib oʻtishini maʼlum qildi.

Maʼlum qilinishicha, Xalqaro olimpiya qoʻmitasi ijroiya qoʻmitasi tomonidan koronavirus va uning yangi turi xavfi borasidagi muhokamalaridan soʻng musobaqalar oʻz vaqtida oʻtkazilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.

Qarorda taʼkidlanishicha, barcha sportchilar toʻrt yillikning eng yirik turniri uchun tayyorgarlikni davom ettirishlari mumkin. XOQ ushbu qarorni maʼqullashda koronavirus tufayli yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari oʻtkazilmasligi borasidagi taxminlar paydo boʻlganidan soʻng qabul qilishga majbur boʻlgan.

Yaponiya rasmiylari bir necha bor Olimpiada uchun biron-bir xavf yoʻqligini aytishgan. Kunchiqar yurtda ushbu musobaqalarga tayyorgarlik uchun 12 milliard dollardan koʻp mablagʻ sarflangani aytilmoqda.

Facebook Comments