Saharlik – barakadir.

Abdulloh ibn Horis roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirganimda u zot sollallohu alayhi vasallam saharlik qilayotgan ekanlar. Shunda: “Albatta, saharlik barakadir”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Abu Saʼid Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilish – barakadir, bir qultum suv bilan boʻlsa ham saharlik qiling”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Baraka jamoat va saharlikdadir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati)

Saharlik qilish Nabiy alayhissalomning sunnatlaridandir.

Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu bunday deydi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga saharlik qildim. Soʻngra u zot bomdod namoziga turdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Irboz ibn Sariya roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida meni saharlikka chaqirib: “Baraka dasturxoni sari shoshilgin”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy rivoyati).

Saharlik – Islom ummatini ahli kitobdan ajratib turuvchi amallardan biri hamdir.

Bu haqda Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bizning roʻzamiz bilan ahli kitobning roʻzasi orasidagi farq saharlik qilishdadir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Saharlik qilish fazilatlaridan yana biri unda duo qabul boʻluvchi vaqt bor.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo har kechaning oxirgi uchdan biri qolganda: “Kim Menga duo qiladiki, Men uni qabul qilsam, kim Mendan soʻraydiki, Men unga bersam, kim Menga istigʻfor aytadi, Men uni magʻfirat qilsam”, deydi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Saharlik qilish Alloh va farishtalarning rahmatiga noil qiladi. Abu Saʼid Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qiluvchiga Alloh va farishtalarning rahmati boʻladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Saharlikda xurmo isteʼmol qilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan hisoblanadi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Xurmo moʻmin uchun qandoq ham yaxshi saharlik”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Alloh taolo barchamizga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishni nasib etsin.

Davron NURMUHAMMAD

tayyorladi.