Joriy yilning 19-aprel kuni Respublika maxsus komissiyaning 2020-yil 20-aprelgacha kiritilgan cheklovchi tadbirlari (karantin) hamda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kiritilgan kuchaytirilgan tartib 2020-yilning 10-mayiga qadar uzaytirildi.

Xoʻsh, karantin muddati nega va nima uchun uzaytirildi?

Amalga oshirilayotgan karantin tadbirlarining natijadorligi saqlab qolinishini taʼminlash maqsadidami yoki boʻlmasa, quyidagi sabablarga koʻra yana bir necha kunni uyda oʻtkazishimiz kerakmi? Oʻzi karantin bizga nega kerak va bu muddatda qanday oʻzgarishlar amalga oshiriladi?

  1. Xorijiy fuqarolarga berilgan viza muddatlari joriy yilning 1-iyungacha avtomatik tarzda uzaytirildi.
  2. Nooziq-ovqat buyumlar (kiyim-kechak, xoʻjalik mollari, koʻchatlar, urugʻlar) savdosiga sayyor savdo nuqtalari orqali sanitariya-gigiyena talablariga toʻliq rioya qilingan holda tashkil etishga ruxsat beriladi. Bunda ijtimoiy masofa (2 metr) saqlanishi hamda boshqa sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi majburiydir.
  3. Karantin davrida muddati tugaydigan barcha ruxsat berish xususiyatiga ega boʻlgan hujjatlar (litsenziya va ruxsatnomalar) hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning (fuqarolik pasporti, Oʻzbekistonda yashash ruxsatnomasi), avtotransport vositalari uchun talab qilinadigan hujjatlar (sugʻurta polisi, transportni boshqarish uchun ishonchnoma, transport vositasini (qayta) roʻyxatdan oʻtkazganlikni hamda texnik koʻrikdan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatlar) amal qilish muddati 2020-yil 1-iyulga qadar uzaytiriladi. Ularning muddati oʻtganligi munosabati bilan javobgarlik va boshqa choralar qoʻllanilmaydi.
  4. Karantin davrida faqatgina bank plastik kartalariga oʻtkazish tartibi belgilanganligini inobatga olgan holda, pensionerlarning plastik kartalaridagi operatsiyalar uchun komission toʻlovlarni undirmaslik tartibi joriy etiladi.
  5. Elektron raqamli imzo kalitini masofadan turib olish mexanizmi joriy etiladi.
  6. Yetkazib berish xizmatini koʻrsatuvchi litsenziyasiga ega boʻlgan, yoʻnalishsiz taksilar haydovchilari “maxsus kombenizon” (shaxsiy himoya kiyimi), tibbiy qoʻlqop va niqoblarda faoliyat olib borishi lozim.
  7. Yoʻlovchi tashish faoliyati bilan bogʻliq barcha litsenziyalar boʻyicha ariza qabul qilish va litsenziyalarni koʻrib chiqish va berish 2020-yil 10-maygacha qadar vaqtincha toʻxtatiladi.
  8. Nodavlat tibbiyot tashkilotlariga barcha talablariga rioya qilgan holda hududdiy sanitariya epidemiologik osoyishtaligi markazlari rahbarlari tomonidan imzolanadigan shartnoma asosida 2020-yil 1-sentyabrga qadar koronavirus infeksiyasini laborator tekshirish boʻyicha pullik tibbiy xizmat koʻrsatishlariga ruxsat beriladi.

Shuningdek, respublika hududlarida faoliyat koʻrsatuvchi dehqon bozorlarida dizinfeksion holatni yana-da kuchaytirishga qaratilgan qoʻshimcha choralar belgilanyapti.

Jumladan, dehqon bozorlarida, shu jumladan bozor hududidan tashqarida joylashgan yirik oziq-ovqat doʻkonlarida savdo ijtimoiy masofa (2 metr) saqlagan holda “zigzag” tartibi (quvurlar, bantlar va boshqa shu kabi toʻsiqlar orqali) tashkil etiladi.

Har bir bozorga kirishda “dezinfeksiya tunneli” va “sanitariya post”lari, dezinfeksiya guruhlari tashkil etilib, ular bozor hududida karantin choralari talablariga rioya etilishini taʼminlanadi.

Yuqorida bayon etilgan tartiblar bir tomondan koronavirus infeksiyasining keng tarqalishining oldini olishga, boshqa tomondan esa karantin davrida fuqarolarning sogʻligʻi hamda ijtimoiy muhofazasini qatʼiy taʼminlashga qaratilganligi bilan eʼtiborlidir.

Fuqarolardan ushbu tartiblarga ongli ravishda, vaziyatni toʻgʻri tushunib, ogʻishmay amal qilishlarini soʻrab qolamiz. Unutmang, sizning sogʻligingiz mashina va ishingizdan afzal emas!

Facebook Comments