“Koronavirusga u aybdor!”: Janubiy Koreyada prezident impichmenti to‘g‘risidagi petitsiya 500 mingdan ziyod imzo to‘pladi

Janubiy Koreyada prezident impichmenti to‘g‘risidagi petitsiya 500 mingdan ziyod imzo to‘pladi, deb yozmoqda “Izvestiya”. Prezident Mun Chje In COVID-19 koronavirusi qo‘zg‘agan kasallik mamlakatda tarqab ketishining oldini olishda no‘noqlik qilganlikda ayblanmoqda.

Ha, bu jiddiy ayblov, shunisi ham borki, Moviy uy, ya’ni mamlakat yetakchisi administratsiyasi saytiga joylangan petitsiya 200 mingdan ko‘p ovoz to‘plasa hukumat bir chora ko‘rishi shart. Ayni vaziyatdan kelib chiqilsa, bu ish 4-martdan kechikmasligi kerak.

Petitsiyani tuzganlar hukumatdan Xitoy bilan bordi-keldini butunlay to‘xtatishni talab qilishyapti, ularning fikricha, Mun Chje Inni o‘z mamlakati manfaatidan ham ko‘ra XXR bilan aloqalar ko‘proq qiziqtiradi.

Seul avvaliga, xalqaro qonunchilikdan kelib chiqib, xitoyliklarning Janubiy Koreyaga kirishlariga to‘sqinlik qilishdan bosh tortgan, keyin, infeksiya butun Xitoyga tarqagach, faqat Xubeyga borganlarni kiritmaslikka qaror qilgandi.

Koreya Respublikasi milliy mudofaa vazirligi 24-fevral kuni 7,9 ming nafar harbiyni infeksiya tarqab ketishining oldini olish uchun karantinga jalb qildi. Bir kun ilgari, 23-fevral kuni mamlakat rahbari koronavirusning epidemiyaga aylanish xavfi «qizil» darajasiga oshirilgani haqida bayonot bergandi.

Facebook Comments