Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida YPX inspektorlariga “boʻysunmaslik” boʻyicha “qonunbuzar”larni ushlashning kunlik rejasi belgilab berilgani toʻgʻrisida yozib olingan audio tarqaldi.

Audiodagi ovoz egasi Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Azizxon Umarxonov ekanligi aytilmoqda.

Audioda gapirgan ovoz egasi inspektorlarga qoidabuzar haydovchini boʻysunmaslik holatiga qanday olib kelishi yoʻlini aytadi, bunga erishgan yoʻl harakati inspektori alohida ragʻbatlantirilishini vaʼda qiladi.

Audioda ovoz egasi yoʻl harakati xavfsizligi inspektorlaridan qoidabuzar haydovchini bayonnoma toʻldirishgacha boʻlgan vaziyatga qanday olib kelishi lozimligini aytar ekan soʻzlarini shunday tushuntirib beradi:

“Eng katta natijaga kiradi. Ertalabga kamida bitta “nepodchineniye” qilib bersangizlar oʻsha kunga koʻp ishladinglar qilib qoʻyib beraman. “Nepodchininiye”ga ham qoʻshamiz, endi bunga pul emas, aytmoqchi boʻlganim ertalab boshinglarni ogʻritmayman, kelishdikmi?.
“Nepodchininiye”, yaxshilab tushuntirasizlar. “Hurmatli fuqaro, ogohlantirilgan edi, qoʻpollik qilmang, davlat idorasini xodimiman, davlat idorasi xodimini qonun talabini bajarmaslik maʼmuriy javobgarlik kodeksining falonchi-falonchi moddalarini keltirib chiqaradi”.
“Ey, nima devotsiz”, deb boshlaydi, toʻgʻrimi? Shu joyda qoʻpollik qiladigan boʻlsa, darrov hududiy PPS yoki gvardiyaga shartta olib kirib, “naruchnik i srazu GOM” (shahar IIB boʻlimi) ga. Bir hafta oʻn kundan beri ogohlantirilyapti xalq. Haydovchilar ogohlantirilyapti, qoʻlga tushdimi “do konsa” joyida bosiladi”, deydi audiodagi ovoz egasi.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Maʼmuriy javobgarlik kodeksining 195-moddasida IIB xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki uning oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solish yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olish nazarda tutilgan. Mazkur holatda IIB xodimlari maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzadi, bunday ishlar maʼmuriy sudlarda koʻriladi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Namanganda deputat va IIB xodimlari oʻrtasida sodir boʻlgan mojaro koʻplab tanqidiy fikrlarga sabab boʻlgandi. Hozirda yuqoridagi holat boʻyicha IIV yoki Toshkent shahar IIBBdan hech qanday izoh berilmadi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован.