Prezident 24 aprel' kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlari tahlili asosida karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish yuzasidan takliflar kiritish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

– Karantin davrida Farg‘onada 10 ming, Qashqadaryoda 11 mingta korxonaning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari keskin kamaygan. Buning oqibatida ayni paytda ishsizlar soni oshgan. Undan tashqari, Farg‘onada 56 mingta, Qashqadaryoda 91 mingta ehtiyojmand oila mavjud.

Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi va ushbu viloyatlar hokimlariga kasallik yuqtirish xavfi yuqori, o‘rta va past darajada bo‘lgan tuman hamda faoliyat turlarini tahlil qilib, karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish bo‘yicha Respublika komissiyasiga taklif kiritish topshirig‘i berildi.

– Joriy yilda qurilish va rekonstruksiya ishlari uchun Farg‘onadagi 130 ta ob'ektga 632 milliard so‘m, Qashqadaryodagi 132 ta ob'ektga 536 milliard so‘m ajratilgan. Lekin birinchi chorakda mablag‘larni o‘zlashtirish va loyihalarni amalga oshirish rejadagidan ancha ortda qolgan.

Prezident aholi bandligini ta'minlash uchun qurilishlarni davom ettirishga ruxsat berilganini inobatga olib, mazkur ikki viloyatdagi ob'ektlarda belgilangan ishlarni jadallashtirish zarurligini ta'kidladi.

– Ushbu viloyatlar hokimlariga mavjud bog‘ va tokzorlar qator oralariga to‘liq ekin ekilishini tashkil qilish, shu orqali aholi bandligini ta'minlash vazifasi qo‘yildi.

Foydalanishdan chiqqan va lalmi yerlarda quduq qazib, aholiga bo‘lib berish zarurligi qayd etildi. Buning uchun Farg‘onaga 15 milliard so‘m, Qashqadaryoga 11 milliard so‘m ajratilgan.

– Kam ta'minlangan oilalarga qoramol, parranda va asalari uyasi tarqatib, kooperatsiya asosida aholi bandligini ta'minlash, mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Facebook Comments