Karantin paytida fuqarolardan axborot texnologiyalari sohasi boʻyicha bir qator savollar va murojaatlar kelib tushmoqda. Ularning asosiy qismida aloqa operatorlari internet xizmatlari talabga javob bermasligi taʼkidlangan. Xoʻsh, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ushbu muammoni bartaraf etish boʻyicha qanday ishlarni amalga oshiryapti?

Qayd etilishicha, bugungi kunda mobil aloqa operatorlari tomonidan 302 tadan ortiq baza stansiyalar internet xizmatlarini koʻrsatish uchun modernizatsiya qilindi.

Karantin tartibi vaqtida barcha telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan respublikamizda oʻz abonentlariga qulaylik yaratish maqsadida yangi tariflarni va yangi xizmatlarni joriy qildi. Masalan, “Oʻzbektelekom” kompaniyasi internet-toʻlovlarni amalga oshirishda yangi va qulay tizimni joriy etdi. Xususan, milliy operator GSM standarti tarmogʻi abonentlari uchun 2020-yil 1-apreldan oddiy 10 tarif rejasiga BEPUL ULANISHNI taklif qilgan holda, maxsus “BAHORIY TAKLIF” Aksiyasini taqdim etdi.

Ucell kompaniyasi yangi xizmatni — oʻz abonentlarni masofaviy ravishda mobil aloqaga ulash xizmatini yoʻlga qoʻydi. Ushbu xizmatlar 1-apreldan boshlab “Mobil oʻtkazma” va “Internet oʻtkazma” xizmatlari narxi 0 ga teng boʻldi, yaʼni siz oʻz yaqinlaringizning mobil hisobiga pul va internet-trafikni oʻtkazishingiz mumkin.

Taʼlim muassasalari oʻqituvchilariga yuqori darajada qulayliklar yaratish maqsadida, “Oʻzbektelekom” AK joriy yil 10-apreldan boshlab maxsus “Taʼlim” tarif rejasini joriy qildi. Ushbu “Taʼlim” tarif rejasi bir oylik abonent toʻlovi 29900 soʻm boʻlib, 1000 daqiqa limit, 4 ming megabayt limit va 200 SMS taqdim etiladi.

“Taʼlim” tarif rejasiga ulanish yoki unga oʻtish uchun Xalq taʼlimi vazirligi tizimi xodimi pasport, guvohnoma (asl nusxa) yoki abonent ushbu tizim xodimi ekanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi kerak. Ushbu tarif rejaga jismoniy shaxslar ulanishi mumkin.

Beeline kompaniyasi shu kunlarda tibbiyot xodimlariga, maxsus “Shifokor” tarif rejasi doirasida yangi bonuslarni taqdim etmoqda. Jumladan, tibbiyot xodimlari 2020-yilning 10-mayigacha 5 ming daqiqa va 5 ming megabaytdan bepul foydalanishlari mumkin.

Karantin davrida foydalanuvchilar tomonidan internet trafikdan foydalanish hajmi sezilarli darajada ortayotgan holatda tarmoqning ishonchli ishlashini taʼminlash uchun zarur texnik va tashkiliy choralar koʻrilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, keyingi 2 yilda jami 12 mingta ijtimoiy soha obyektlari, yaʼni sogʻliqni saqlash, maktabgacha taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablarining yuqori tezlikdagi internetga ulanishi taʼminlanadi. Shu yilning oʻzida optik tolali aloqa liniyalari qurish orqali jami sogʻliqni saqlash muassasalarining 95 foizi, umumtaʼlim maktablarning 86 foizi hamda barcha maktabgacha taʼlim muassasalarini yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulanishi taʼminlanadi.

Facebook Comments