Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi karantin davrida talabalar va ularning ota-onalari, qolaversa, keng jamoatchilik bilan muloqotni kuchaytirish hamda yurtdoshlarimizga sohaga oid taklif-mulohaza, muammolar toʻgʻrisida tezkor xabar qoldirish imkonini beruvchi maxsus botni ishga tushirdi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining xabar berishicha, @otv_murojaat_bot boti orqali hamyurtlarimiz respublikadagi barcha oliy taʼlim muassasalariga muassasa faoliyatiga doir xabar qoldirishlari mumkin.

Buning uchun bot orqali hududlar kesimida kerakli oliy taʼlim muassasasi tanlanadi va xabar qoldiriladi. Yuborilgan barcha xabarlardan oliy taʼlim muassasasi rahbariyati xabardor boʻladi.

“Endilikda talabalar virtual muhitda olib borilayotgan oʻquv jarayonlari afzalligi va kamchiligi, oʻzlashtirilgan bilimlarini nazorat qilish va baholash yuzasidan va taʼlim jarayoni bilan bogʻliq boshqa masalalarda oliy taʼlim muassasasini xabardor qila oladi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan @otv_murojaat_bot orqali yuborilayotgan xabarlarning oliy taʼlim muassasalarida oʻrganilishi muntazam nazorat qilib boriladi“, deyiladi vazirlik xabarida.

Maʼlum qilinishicha, jamoatchilikdan kelib tushayotgan xabarlar va taklif-mulohazalar OTMlarda taʼlim jarayonlarini raqamlashtirishda ustuvor vazifalarni belgilab olishda yordam beradi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *