Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi karantin davrida uy sharoitida mashgʻulotlar olib borayotgan sportchilardan doping qoidalarini buzmaslik va ularga qatʼiy rioya qilish boʻyicha muhim bayonot bilan chiqdi.

“Maʼlumki, butun dunyoni qamrab olgan koronavirus pandemiyasi koʻplab sport tadbirlarini, jumladan toʻrt yillikning eng yirik sport musobaqalari boʻlmish 2020 yilgi yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarining oʻtkazilishini keyingi yilga surilishiga sababchi boʻldi.

Bu sportchilarimiz, ularning murabbiylari hamda tibbiyot mutaxassislariga 2021 yilda oʻtkazilishi koʻzda tutilgan Oʻyinlarga yana-da samarali va puxta tayyorgarlik koʻrishiga imkon yaratadi. Hozirda barcha sportchilarimiz uy sharoitida mustaqil ravishda, murabbiylar hamda shifokorlarning onlayn nazorati va koʻmagi ostida mashgʻulotlarni bajarishda davom etishmoqda.

Aziz sportchilar, Qadrli murabbiylar!

Karantin davomida oʻz sport qobiliyatingizni saqlash va yana-da yuksaltirish maqsadida yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanishingizni, sport tartibiga qatʼiy rioya qilishingizni hamda sportda taqiqlangan dori-darmonlar va moddalarni isteʼmol qilishdan yiroq boʻlishingizni soʻraymiz. Agarda sportchilarimiz orasida bu kabi dori-darmon moddalarni qoʻllab, ular qisqa muddat ichida inson tanasidan chiqib ketadi deb oʻylaydiganlar boʻlsa, ular adashadi.

Yangilik emaski, antidoping laboratoriyalarning zamonaviy usullari yordamida 3-4, hattoki 7-8 yil avval isteʼmol qilingan doping-moddalari aniqlanib kelmoqda. Shuning uchun ogoh boʻling, oʻz mahoratingiz va kuchingizga, xalqimiz duosiga va muxlislarning olqishlab sizni qoʻllab-quvvatlashiga ishoning. Adolatli sport va mardona kurashning faxrli timsoli va tarafdori boʻling”, – deb bayonot bermoqda Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *