Bugun, 27 fevral kuni Uzbekistan Airways`ning HY-514 reysi bilan Janubiy Koreya poytaxti Seul shahridan kelgan yo‘lovchilar sanitariya izolyatsiyasiga joylashtirildi. Bundan maqsad koronavirusning O‘zbekistonda tarqalishini oldini olish, deya Uzbekistan Airways Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Shu sababdan Uzbekistan Airways ushbu reysda kelayotganlarni kutib olish uchun chiquvchilarni ogohlantirdi.

“Yo‘lovchilar va yo‘lovchilarni kutib oluvchilar diqqatiga! Koronovirusning O‘zbekistonda tarqalishining oldini olish maqsadida bugun Seuldan kelgan yo‘lovchilari Toshkent aeroportining xalqaro terminalining alohida zalida vaqtincha sanitariya izolyatsiyasiga joylashtirildi”, deyiladi kompaniya xabarida.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bir qator zarur profilaktik tadbirlar o‘tkazilgandan so‘ng va SARS belgilari yo‘qligi tasdiqlangandan so‘ng, yo‘lovchilar karantin xonasidan chiqib ketishlariga ruxsat beriladi.

Ma’lumot uchun, HY-514 reysi bilan Seuldan Toshkentga qarab uchgan samolyot 2 soat o‘tib, majburan ortga qaytgandi. Ammo samolyot nega ortga qaytgani hozircha noma’lum.

Facebook Comments